2019-yil 14-22-yanvar kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatov, Entomologiya laboratoriyasi mudiri Gulnora Mirzayeva va OʻzR FA Zoologiya instituti xodimlaridan tashkil topgan delegatsiya Xitoy Fanlar akademiyasining Pekin shahrida joylashgan Zoologiya institutiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida OʻzR FA Zoologiya instituti ilmiy faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot berildi va Xitoy Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, Zoologiya muzeyi kolleksiyasi hamda Nankay universiteti, shuningdek, mazkur universitet huzuridagi Entomologiya instituti faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi va kelajakda hamkorlikda amalga oshiriladigan rejalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Shanxay termitlarga qarshi kurashish tashkiloti bilan hamkorlikda mazkur zararkunandaga qarshi kurash ishlarini tashkil etish yuzasidan ham ikki tomonlama muzokaralar olib borildi.

Rasmiy tashrif davomida Xitoy Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti direktor oʻrinbosari prof. Qiao Gexia va Zoologiya muzeyi kuratori prof. Chen Jun bilan kelgusi hamkorlikda amalga oshiriladiganyoʻnalishlar va yosh olimlarni CAS-TWAS dasturi doirasida hamda qisqa muddatlik stajirovkalar oʻtashi belgilab olindi.

Shuningdek, hamkorlikda quyidagi yoʻnalishlarda tuziladigan Memorandum loyihasining muhokamasi ham boʻlib oʻtdi:

  • Bioxiilma-xillikni oʻrganish, hayvonot dunyosi monitoringini yuritish, zararkunanda va parazitlar sonini nazorat qilish;
  • Institut olim va mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashinish, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishda tashriflarni amalga oshirish;
  • Oʻzbekiston faunasining milliy axborot-tahliliy maʼlumotlar bazasini ishlab chiqish va yuritish;
  • Hamkorlikda konferensiya, simpozium va seminarlarni tashkil etish, olingan natijalarni muhokama qilish hamda chop etish;
  • Hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, hamda olingan muhim natijalarni chop etish va ilmiy anjumanlar, simpoziumlar hamda seminarlar oʻtkazish.

Man`ba