Golovanov Vladimir Ivanovich – 2025 yil 11 aprel kuni olamdan o‘tdi. Vladimir Ivanovich parazitologiya, veterinariya sohalarida chuqur bilimga ega amaliyotchi olim edilar. Respublikamizda qator tumanlarida veterinariya vrachi, veterinariya bosh boshqarmasida birinchi o‘rinbosar bo‘lib ishlagan davrlarida, respublikamizda hayvonlarning yuqumsiz, infeksion va invazion kasalliklari, ularni davolash va oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha, oziq ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida juda katta ishlarni amalga oshirgan va qator megaloyihalarning bajarilishida o‘z hissasini qo‘shgan. Veterinariya vrachlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirish borasida ham xizmatlari beqiyos edi.
Vladimir Ivanovich butun faoliyati davomida Veterinariya xizmati sifatini yaxshilash, sohaning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, malakali kadrlar bilan ta’minlash borasidagi sadoqat bilan xizmat qildilar.
Vladimir Ivanovich 1993 yildan boshlab Zoologiya institutida faoliyat ko‘rsata boshlagan va institut rivojiga o‘zining munosib hissalarini qo‘shgan. Parazitologiya sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish bilan birgalikda, yosh kadrlarni tayyorlash jarayonida ham yaqindan ko‘maklashib kelganlar. Ilmiy tadqiqot ishlari bo‘yicha material yig‘ish, yig‘ilgan materiallarga kameral ishlov berish, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy qilish borasidagi doimo yoshlarning ishonchli ko‘makchisi, maslahatgo‘yi edi.
Vladimir Ivanovichning serqirra ilmiy faoliyati respublika va xorij jurnallarida chop etilgan 300 dan ortiq ilmiy maqolalarda, 20 dan ziyod amaliy tavsiyanomalar ham ixtiro patentlarida o‘z aksini topgan.
Vladimir Ivanovich bag‘rikeng ustoz, o‘z sohasini chuqur biladigan amaliyotchi olim, kasbiga mas’uliyat bilan qaraydigan mutaxassis edilar. Ulardagi insoniylik, poklik, vatanparvarlik va sadoqat oldida doimo ta’zimdamiz.
Zoologiya instituti jamoasi marhumning yaqinlariga, shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Xotirasi abadiy, ruhi shod bo‘lsin.
Zoologiya instituti administratsiyasi.

