O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 2 fevralidagi 27-sonli Qaroriga asosan «Respublika termitlarga qarshi kurashish Markazi» DUK tashkil etilgan.

Markazning vazifalari:

  • O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti yoki boshqa tashkilotlar tomonidan yaratilgan termitlarga qarshi zaharli yem-xo‘raklar va kurash vositalarini ishlab chiqarish;
  • Termitlarga qarshi kurashish yuzasidan Zoologiya instituti bilan hamkorlikda uslubiy qo‘llanmalar, tavsiyanomalar va yo‘riqnomalar ishlab chiqish;
  • Termitlarga qarshi zaharli yem-xo‘raklar va kurashish vositalarini shartnoma asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar dezinfeksiya stansiyalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar O‘zagrokimyohimoya AJ lariga buyurtma asosida tayyorlab berish.
  • Markaz tomonidan erishilgan yutuqlar:

Respublika termitlarga qarshi kurashish Markazi va Zoologiya instituti Entomologiya laboratoriyasi olimlari tomonidan Anacantothermes avlodi termitlariga qarshi kurashda zaharli yem-xo‘raklar ishlab chiqilgan bo‘lib, yem-xo‘raklarni tayyorlash va termitlarga qarshi qo‘llash texnologiyasi bo‘yicha “Silindrik konteyner” sanoat namunasiga patent UZ № SAP01243 va «Termitlarga qarshi insektitsidli vositani tayyorlash usuli» UZ № IAP 05832 ixtiro patenti olingan. Zaharli yem-xo‘raklarni ishlab chiqarish ishlanmasi bo‘yicha tashkilot standarti va sertifikati olingan. Bugungi kunda, Markaz tomonidan termitlarga qarshi ishlab chiqarilayotgan yem-xo‘rak respublikamizda keng miqyosda qo‘llanilib, yuqori samaradorlikka erishilmoqda.

Zoologiya instituti olimlari bilan hamkorlikda Respublikada termitlarga qarshi kurashish ishlarini jadallashtirish va ularning zararini bartaraf qilish yuzasidan o‘zbek va rus tillarida tavsiyanoma «Termitlarga qarshi kurash tizimiga oid tavsiyalar» va yo‘riqnoma «Termitlarga qarshi kurashishga doir yo‘riqnomalar» tayyorlanib, termitlarga qarshi kurash tizimi amaliyotiga joriy qilingan.

Markaz tashkil etilgandan buyon, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar dezinfeksiya stansiyalarining murojaatiga ko‘ra, shartnoma asosida ularni zaharli yem-xo‘rak bilan to‘liq ta’minlab kelmoqda.