O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti SSSR Ministrlar Sovetining 1950 yil 13 martdagi 1058-sonli qarori va O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Prezidiumining 1950 yil 17 apreldagi 18-sonli majlisi bayonnomasi asosida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 7 fevraldagi 33-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalarining tuzilishini yanada optimallashtirish va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan institut «Botanika» ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan birlashtirilib «O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti» nomi bilan qayta tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 sentyabrdagi «O‘zbekiston respublikasi fanlar akademiyasi botanika instituti va zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-3256-sonli qaroriga asosan Zoologiya instituti Fanlar akademiyasi tizimida mustaqil tuzilma sifatida qayta tashkil etildi. Institut 2017 yil 3 oktyabrda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazildi (ro‘yxatga olish raqami 544541).
Ilmiy salohiyat
Xozirgi kunda institutda 103 nafar xodim ishlaydi, shulardan 42 tasi ilmiy xodim, 1 – akademik, 7 – fan doktori, 22 – fan nomzodi va falsafa doktorlari, 12 – tayanch-doktorant, 2 – stajor tadqiqotchi faoliyat olib bormoqda.
2019-2023 yillar mobaynida Zoologiya institut huzuridagi Ilmiy kengashda 38 ta dissertatsiya ishi ximoya qilingan. Shundan 25 nafar biologiya bo‘yicha falsafa doktori (PhD) hamda 13 tasi fan doktori (DSc).
Shundan institut xodimi 13 nafari biologiya bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va 3 nafar fan doktori (DSc) tayyorlangan.
2019-2023 yillar davomida 388 ta maqola nashr qilindi, ulardan 201 tasi xorij jurnallarida; 430 ta tezis, 114 tasi xorijiy to‘plamlarda; 9 ta monografiya, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 22 ta amaliy tavsiyalar nashr etilgan. 14 ta patent, 8 ta guvoxnoma olingan. 2023 yilning 31 dekabr holati bo‘yicha 103 ta maqola nashr qilindi, ulardan 50 tasi xorij jurnallarida; 99 ta tezis, 29 tasi xorijiy to‘plamlarda, 3 ta monografiya, 3 ta tavsiyanoma, 1 ta metodik qo‘llanma nashr etilgan. 2 ta patent, 1 ta guvohnoma olingan. 1 ta patentga talabnoma berilgan.
Tadqiqotning asosiy yo‘nalishlari
Institutda fundamental va amaliy tadqiqotlar bajariladi va beshta ustuvor ilmiy yo‘nalish bo‘yicha ilmiy-texnik ishlanmalar amalga oshiriladi:
- Respublika faunasini kompleks o‘rganish, hayvonot dunyosi obyektlarining zamonaviy holatini baholash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
- Alohida ahamiyatga ega bo‘lgan zoologik hududlarni aniqlash, hayvonot dunyosining kamyob va endem turlarini saqlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
- Respublika faunasining milliy axborot-tahliliy ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish va yuritish, yovvoyi hayvonlarning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlari bo‘yicha davlat kadastri, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va hayvonot dunyosi monitoringini yuritish;
- Zararkunandalar, parazitlar va inshootlar biozararkunandalari sonini nazorat qilishning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish;
- Suv ekotizimlari va gidrobiontlar ekologiyasini o‘rganish, respublikada baliq resurslari genofondini baholash va monitoring qilish.
Fundamental tadqiqotlar sohasidagi asosiy yutuqlar.
Hayvonlarning faunistik komplekslarining rivojlanishi va faoliyati qonuniyatlarin aniqlangan.
Ilk bor O‘zbekiston umurtqasiz va umurtqali hayvonlarining ekologik-faunistik komplekslarini tizimli o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildi. Ko‘rib chiqilayotgan komplekslarning rivojlanish xususiyatlarini va ularni saqlash muammolarini hisobga olgan holda, ularning faoliyati xususiyatlarini va ularni o‘zgarishining zamonaviy tendensiyalari belgilandi.
Hayvonlar ekto- va endoparazitlarining parazit-xo‘jayin o‘zaro munosabatlarining shakllanishi va faoliyati qonuniyatlarin aniqlangan.
Trematoda sinfining kator turkumlar faunasi xilma-xilligi, suv va quruqlik senozlardagi qush va sutemizuvchi parazitlari – Filariata kenja turkumi nematodalarining tarqalishi aniqlandi. Ilk bor hayvonlarning (xo‘jayinlar) trematoda lichinkalari bilan zararlanish strategiyasining bir qancha tiplari belgilandi. “Kanalar-umurtqalilar” tizimining parazit-xo‘jayin munosabati evolyutsion jarayonlari ko‘rib chiqildi. Karpsimon baliqlar endogelmintlari faunistik komplekslarining shakllanish omillari aniqlandi.
Hayvon parazitlari – Spirurida turkumi nematodalar turdan yuqori taksonlarning tizimi sistemasi modernizatsiya qilindi. Hayvonlar ichki tana bo‘shliqlari parazitlari – Onchocercidae oilasining yangi tizimi asoslandi; ilk bor O‘zbekistonning baliq, qush va sutemizuvchilar parazitlari – Spirurata kenja turkumi nematodalarining zamonaviy turlar xilma xilligi, hayotiy sikllari va dominant turlarining morfologik belgilari aniqlandi; Ilk bor Setaria labiatopapillosa nematodasi qoramollarning limfa tizimida topildi va ushbu nematodaning hayotiy sikl xususiyatlari o‘rganildi.
Hasharotlarni identifikatsiyalash tizim «Ortoptera Info» ma’lumotlar bazasi ishlab chiqilgan.
Ilk bor, to‘g‘riqanotsimon hasharotlarning taksonomik tarkibiy qismlari o‘rganildi, ularning asosida O‘zbekistonning to‘g‘riqanotsimon hasharotlari haqida axborot-tahliliy ma’lumotlarni taqdim etishga mo‘ljallangan elektron dasturga asoslangan ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.
To‘g‘riqanotsimon hasharotlar turlarining hayot shakli aniqlandi, hamda faunistik va zoogeografik tahlillar olib borildi.
Umurtqasiz hayvonlarning populyatsion dinamikasi va shakllanish konsepsiyasi qonuniyatlari ishlab chiqilgan.
Zararli va yirtqich qandalalarning shakllanishi va populyatsiya dinamikasi zichligining asosiy qonuniyatlarining konsepsiyasi yaratildi, iqtisodiy zarar keltirish mezoni va darajasi mexanizmi aniqlangan. G‘o‘zadagi qandalalar miqdorini nazorat qilish choralari ishlab chiqilgan.
Dunyo faunasi uchun sudralib yuruvchilarning yangi turi kashf qilindi.
Farg‘ona vodiysi hududida yashovchi noyob va endemik sudralib yuruvchilarning molekular-genetik tahlili asosida sudralib yuruvchilarning dunyo faunasi uchun yangi turi – Alsophylax sp. urug‘iga mansub gekkoncha kashf etildi.
Umurtqasizlar to‘qimasidan DNK ajratish usullari va ayrim nematoda turlariga xos bo‘lgan markyorlarni ishlab chiqish.
Ilk bor ribosoma DNKsi ITS-2 sohasi nukleotidlar ketma-ketligi tahlili asosida protostrongilid oilasi nematodalarining 18 turini molekular filogeniyasi o‘rganildi. Trixostrongilid oilasiga mansub nematodalarning esa 13 ta polimorf turi molekular identifikatsiya qilindi va filogeniyasi taxlil etildi.
Birinchi marotaba O‘zbekistondagi 8 turdagi endemik qorinoyoqli molyuskalarning ribosoma DNK 18S va ITS1 sohalari o‘rganildi. Qorin oyoqli mollyuskalarning 7 turi va nematodalarning 5 turi ilk bor xalqaro Genbank (NCBI) bazasiga joylashtirildi.
Amaliy tadqiqotlar sohasidagi asosiy yutuqlar:
O‘zbekiston sharoitidagi mavjud xavflarni hisobga olib umurtqali hayvonlarni saqlash va barqaror foydalanish bo‘yicha effektiv tadbirlar ishlab chiqilgan.
Quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlarga salbiy ta’sirlar ko‘rsatish baholangan. Umurqali hayvonlar va ularni yashash joylariga ta’sir etuvchi sabablarni aniqlash, mavjud va potensial xavflarni klassifikatsiya qilish va baholash maqsadida milliy, regional va xalqaro zamonoviy tabiatni muhofaza qilish amaliyotidagi tajribalar tahlil qilindi. Umurtqali havonlar va ularni yashash joylari monitoringini o‘tkazish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chilildi.
Dunyo ahamiyati darajasiga ega informatsion-uslubiy qo‘llanma – O‘zbekiston Respublikasi qizil kitobiga va Xalqaro qizil ruyxatiga kiritilgan tur, jingalak saqoqushni (Relecanus crispus) saqlash bo‘yicha harakat rejasi tayyorlangan va bosmadan chiqarilgan.
Umurtqali hayvonlar faunasining hozirgi holati, bioresurslardan barqaror foydalanish va monitoring tizimini yaratish uchun asos sifatida baholandi.
Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarda 33 turdagi amfibiya va sudralib yuruvchilar, 401 turdagi qushlar va 69 turdagi sutemizuvchilarning uchrashi aniqlandi, ularning tarqalishi va biologiyasi batafsil tavsiflandi. Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida uchrovchi umurtqali hayvonlar faunasiga doir umumiy hajmi 16979 ma’lumotni qamrab olgan elektron ma’lumotlar bazalari yaratildi. Noyob va iqtisodiy ahamiyatga ega turlarning holati to‘g‘risidagi qimmatli ma’lumotlarni qamrab olgan izohli ro‘yxat yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi kamyob hayvonlar hisobi va kadastrini yuritish, noyob va yo‘qolib ketayotgan hayvonlar Qizil kitobini yaratish.
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan 55 turdagi umurtqali hayvonlar, jumladan, 8 ta sudralib yuruvchilar, 38 ta qushlar va 9 ta sutemizuvchilar to‘g‘risida ma’lumotlar olindi. Olingan ma’lumotlar kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan umurtqali hayvonlar turlarining Davlat kadastri tizimi va O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining keyingi nashrini to‘ldiradi. Qisqa vaqt ichida davlat ma’lumotlar bazasiga jami 306 ta tarixiy va 403 ta zamonaviy ma’lumotlar kiritildi, shu jumladan, Shtraux yumaloqboshi, Farg‘ona qum kaltakesakchasi, Qalqonli gekkoncha, Rustamov ssink gekkoni kabi kamyob endemiklar va boshqa kamyob sudralib yuruvchilar, nisbatan kengroq arealda yashovchi qushlar va sutemizuvchilar.
O‘zbekiston faunasining noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvon turlarini tarkibi, maqomi, tarqalishi, ta’sir etuvchi omillar aniqlangan, yo‘qolib ketish xavfi baholangan va ularni saqlash bo‘yicha tadbirlar belgilangan.
Mahalliy xom ashyo ozuqalaridan foydalangan holda baliq unumdorligini oshirish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
Bozor sharoitlariga moslashtirilgan, mahalliy ozuqalar yordamida karp baliqlari chavoqlarini mahsuldorligini gektariga 2,0-2,5 tonnagacha oshirish texnologiyasi yaratildi va “Baliqtayyorlovbiznes” MCHJ ga joriylashtirildi.
Termitlarga qarshi yangi patogen zaharli yem-ho‘raklar ishlab chiqildi.
Termitlar populyatsiyasiga qarshi yo‘naltirilgan, inson salomatligi va atrof muhitga bezarar bo‘lgan patogen, samaradorligi yuqori zaharli yem-ho‘raklar yaratildi.
Termitlarga qarshi zaharli yem-ho‘raklar ishlab chiqilgan va amaliyotga yiliga 40 ming namuna joriy etilgan.